“Huquqiy axborot” kanali 2019-yil 1-yanvardan boshlab qonunchilikda ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar haqida eslatib o‘tdi.
Notariat
2019-yil 1-yanvardan boshlab notariuslar “faol notariat” tizimida ishlashga o‘tadi.
Masalan, ko‘chmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlashda elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma’lumotlarni olish bevosita notarius tomonidan bajariladi. Ya’ni qaysidir idoralarga borib soatlab navbat kutib “spravka” olish amaliyotiga chek qo‘yiladi. Bu ham fuqarolar vaqti va naqdini tejab, ortiqcha asabbuzarliklarning oldini oladi.
Bundan tashqari 1-yanvardan boshlab:
fuqarolar o‘rtasida tuzilgan bino (uy-joy, kvartira) yoki uning bir qismini ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlash shartligi haqidagi talab o‘z kuchini yo‘qotadi;
notarial tartibda tasdiqlanadigan bitim loyihasini mustaqil tayyorlagan shaxslar huquqiy hamda texnik tusdagi xizmatlar uchun haq to‘lashdan ozod etiladi;
notarial harakatni amalga oshirish chog‘ida notariuslar tomonidan audio va videoyozuv vositalaridan foydalanilishi mumkin;
bitimlar, arizalar va boshqa hujjatlar taraflar tomonidan barmoq izlarini olish yo‘li bilan tasdiqlanishi mumkin;
fuqaro qandaydir sabablarga ko‘ra (jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli va h.k.) bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmagan hollarda notarius videoyozuv vositalaridan foydalanadi;
notarial idoralarga elektron murojaat qilishi mumkin, bunda murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim;
uy-joy, bino, inshoot yoki imoratni boshqa shaxsga o‘tkazish va garovga qo‘yish to‘g‘risidagi bitimlarni istalgan notarial idorada amalga oshirish mumkin (ilgari faqat shu mol-mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanar edi).
Mehnat va ijtimoiy munosabatlar
Mehnat va ijtimoiy sohada ham 2019-yil 1-yanvardan boshlab bizni qator yangiliklar kutib turibdi.
Masalan, pedagog xodimlarning oylik ish haqlari yanada oshiriladi. Xususan, oylik ish haqlari 2019-yil 1-yanvardan oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga, mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga, direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshiriladi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy, muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori ham 20 foizga ko‘payadi.
Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining quyi razryadlari tarif koeffitsiyentlarini o‘rtacha 10 foizga, shu jumladan, 1-razryad bo‘yicha 15 foizga, 2-razryad bo‘yicha 10 foizga va 3-razryad bo‘yicha 5 foizga oshirish orqali mehnatiga kam haq to‘lanadigan xodimlarning ish haqi miqdorini oshirish nazarda tutiladi.
Mehnat stajlarini hisobga olishni qog‘oz ko‘rinishda yuritish amaliyotidan voz kechiladi, bu sohada ham elektron tizim joriy etiladi.
Ishlovchi pensionerlarga pensiyani to‘liq to‘lash bo‘yicha norma ham 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Tadbirkorlik
Tadbirkorlar uchun ham qator yengilliklar beriladi.
Jumladan, 2019 yil 1 yanvardan ko‘chma savdo uchun ruxsatnoma olish shartligi haqidagi talab bekor qilinadi. Xuddi shunday ulgurji savdo faoliyatini hech qanday litsenziyasiz amalga oshirishga ruxsat beriladi. Davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan korxonalar uchun ichki bozorda mahsulot yoki xizmat uchun 15 foiz to‘lovni oldindan amalga amalga oshirishga doir arxaik talabdan ham voz kechiladi. Cho‘chqa go‘shti, uy parrandasi go‘shti, o‘simlik yog‘i, shakar, non-bulka mahsulotlari, volfram rudalari, ipak chiqindilari eksportiga qo‘yilgan cheklovlar ham bekor qilinadi.
Bundan tashqari, 2019- yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimining to‘liq versiyasi ishga tushiriladi. Unda tadbirkorlarni tekshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning asosliligini o‘rganish,tadbirkorlarga o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida hamda real vaqt rejimida Internet tarmog‘i orqali olish imkoniyati ham mavjud bo‘ladi.
2019-yil 1-yanvardan majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxati kengaytirildi.
Endilikda temir yoki po‘lat simlar, burchak va boshqa shakl berilgan, maxsus temirdan yoki po‘latdan ishlangan profillar, korroziyaga chidamli yarimtayyor po‘latli ishlanmalar, po‘latdan yengil o‘ralgan simlar va boshqa mahsulotlar majburiy tartibda sertifikatlanishi lozim bo‘ladi.