“Huquqiy axborot” kanali 2019-yil 1-yanvardan boshlab qonunchilikda ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlar haqida eslatib o‘tdi.
Soliq
Shubhasiz, 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan eng muhim yangiliklardan biri bu soliq sohasidagi islohotlardir.
Ilgari amal qilgan tartib bo‘yicha soliq maxsus shkala bo‘yicha hisoblab chiqilar edi. Bunda maosh eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha bo‘lsa 7,5 foiz, besh baravaridan o‘n baravarigacha oralig‘ida 16,5 foiz, undan yuqori miqdorda oylik olsa, 22,5 foiz soliq ushlanar, bu soliqlar miqdorining o‘zi ham o‘sib boruvchi shkala bo‘yicha kishini chalkashtirib yuboradigan darajada murakkablashib ketardi. Qo‘shimchasiga, ish haqidan davlatdan tashqari pensiya jamg‘armasi uchun 8 foizlik majburiy sug‘urta to‘lovi undirilar edi.
Endilikda esa jismoniy shaxsning daromadlaridan 12 foizli stavka bo‘yicha soliq solinadi. Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilandi:
Yuridik shaxslar — 12 foiz (ilgari 14 foiz);
tijorat banklari — 20 foiz (ilgari 22 foiz).
Dividendlar va foizlar tarzida to‘lanadigan daromadlarga 5 foizli stavka (ilgari 10 foiz) bo‘yicha soliq solinadi. Ya’ni ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston jahondagi eng past soliq stavkasiga ega bo‘lgan davlatlardan biriga aylandi. Bundan ko‘zlangan maqsad tadbirkorlarni bo‘sh turgan mablag‘larni omonatlarga qo‘yishga rag‘batlantirish, mamlakatda fond bozorini rivojlantirishdir.
Baliqchilik klasterlari yillik baliq yetishtirish quvvati kamida 50 tonna bo‘lgan taqdirda dastlabki uch yil davomida barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalarga majburiy ajratmalardan ozod etiladi.
Nizolarni hal etish
2019-yil 1-yanvardan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kiradi.
Qonunga muvofiq, kelib chiqqan nizoni taraflarning o‘zaro maqbul qarorga erishish maqsadidagi ixtiyoriy roziligi asosida uchinchi shaxs ko‘magida hal qilish usuli mediatsiya hisoblanadi.
Qonunning maqsadi ham O‘zbekistonda nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan, sud tizimiga tushadigan ish hajmini kamaytirishdan iborat.
Norma ijodkorligi
2019-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston hududida 1993-yil 17-iyungacha qabul qilingan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan sobiq ittifoqning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Sobiq ittifoq davrida qabul qilingan, hozirda amalda bo‘lib turgan 171 ta hujjat o‘rniga zamonaviy talablarga mos keluvchi 56 ta yangi qonun hujjati qabul qilinadi.
Jazoni ijro etish
Jazoni ijro etish muassasalarida, to‘liq ijtimoiy moslashtirish maqsadida mahkumlarni tizimli o‘rganish va ularning ongini o‘zgartirishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarning yagona kompleks tizimi joriy etiladi.
Buning uchun, 2019-yil 1-yanvardan boshlab Ichki ishlar vazirligi tizimida Probatsiya xizmati va tegishlicha uning hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
Mahkumlarga shaxsiy hujjatlarni tiklash va pasport olishda yordam ko‘rsatiladi, ularning pensiya sug‘urtasi, mehnat daftarchasini rasmiylashtirish shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingunga qadar amalga oshirish bo‘yicha talablar ham kuchga kiradi.
Sog‘liqni saqlash
2019-yil 1-yanvardan boshlab allergik kasalliklarni erta aniqlash uchun 18 yoshga to‘lmagan va xavf ostida bo‘lgan bolalarni tekshirish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasiga start beriladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ixtisoslashtirilgan allergologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish, uning sifatini yaxshilash va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Izoh (0)