18 yoshli Syao Suy Xitoyning Xarbin shahridagi maktabda o‘qiydi. Ammo u juda kamyob sindromga chalingani tufayli, mushaklari va yuz terisi osilib qolgan. Shuning uchun u o‘z yoshiga ko‘ra bir necha o‘n yilga kattaroq ko‘rinadi. Bu haqda Big Picture xabar bermoqda.

Foto: Big Picture

Mutaxassislar yigitchaning qanday kasallikka chalinganini aniqlashga, uni davolash yoki hech bo‘lmasa, terisining osilib qolishi oldini olish yo‘llarini topishga urinmoqda. Yigitning esa o‘z tashqi qiyofasini qabul qilib, hayotga nisbatan ijobiy munosabatda qolishdan boshqa yo‘li yo‘q.

Xayriyat, kamyob sindrom Syao Suyning sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatmadi, u o‘zini yaxshi his qilmoqda. U maktabdagi eng a’lochi o‘quvchilardan biri, sinfdoshlari esa uni barcha fanlardan a’lo o‘qigani tufayli, Supermen deb ham ataydi.

Foto: Big Picture

“Tashqi ko‘rinishim meni tashvishlantirmaydi, desam aldagan bo‘laman. Biroq mening kuchim shundaki, men umidsizlanganim yo‘q”, — dedi Syao.

Hozir yigit o‘qishga ko‘milib, imtihonlarga tayyorlanmoqda. U Pekin universitetiga yoki Sinxua universitetiga o‘qishga kirmoqchi, ularning ikkalasi ham Xitoydagi eng nufuzli o‘quv muassasalaridir.