O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-noyabr kuni bank tizimini isloh etish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklarining rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi. Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 foizidan kam bo‘lsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida bunday kreditlarining 76 foizi Toshkent shahriga, 5 foizi Qashqadaryo, 3 foizi Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, hokimliklar va tarmoqlar tomonidan ayrim loyihalar puxta ishlab chiqilmagani oqibatida bir qator obyektlar o‘z vaqtida ishga tushmagani hamda kreditlar qaytishi cho‘zilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Jumladan, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kredit mablag‘lari ajratilgan ayrim investitsiya loyihalarini amalga oshirish haligacha boshlanmagani tanqid qilindi.
Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablag‘lari deyarli yo‘naltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.
Yig‘ilishda kuzatuv kengashlari banklarning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash va faoliyatini yaxshilash bo‘yicha yetarli ish olib bormayotgani muhokama qilinib, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligiga davlat tasarrufidagi banklarning kuzatuv kengashlari faoliyatini tanqidiy o‘rgangan holda, ularning tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Mamlakat moliya muassasalari faoliyatini takomillashtirish uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.
Davlat rahbari tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.
Izoh (0)