O‘zbek Milliy akademik drama teatrida “Debyut – 2018” V respublika ko‘rik-festivali g‘oliblarini tantanali taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Debyut – 2018” V respublika ko‘rik-festivali teatr sohasida salohiyatli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ijodini muxlislarga yaqindan tanishtirish borasidagi loyihalardan sanaladi.

Bu galgi ko‘rik-festivalda O‘zbekistonning 17 ijodiy jamoasidan 17 nafar iqtidorli yosh rejissor o‘zi sahnalashtirgan spektakl bilan ishtirok etdi. Taqdim etilgan sahna asarlarning badiiy jihatdan pishiq va mukammalligi, ularda ezgu g‘oyalarning talqini, rejissorlik, ijro mahorati, sahnaviy dekoratsiyalarning ko‘rkamligi kabi jihatlarga asosiy e’tibor qaratildi.

Birinchi o‘ringa Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining yosh rejissori Muxtar Reymov “Luvr o‘rdagi” spektakli uchun munosib topildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatridan yosh rejissor Ravshan Choriyev “Oppog‘oy va yetti gnom” nomli spektakli uchun ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. Uchinchi o‘rin Xorazm viloyati musiqali drama teatrining yosh rejissori Jur’atbek Sotiboldiyevga “Sulton Jaloliddin” spektakli va Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri yosh rejissori Dostonbek Xudoyberdiyevga “Qobil ila Hobil” spektakli uchun berildi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.