Buxoroda 16—17-noyabr kunlari “Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YeXHTning mamlakatdagi loyihalari koordinatori va Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA), YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Venetsiya komissiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar bo‘yicha departamentning saylovlar o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘limi, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi va boshqa xalqaro institutlar, Rossiya, Qirg‘iziston, Ruminiya kabi davlatlar saylov organlari vakillari, shuningdek, mamlakatdagi fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar vakillari, huquqshunoslar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Anjuman xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasini muhokama qilish, shuningdek, saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga erishishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ekspertlar kodeks loyihasining milliy qonunchilikdagi ahamiyati, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, partiyalararo sog‘lom raqobat, huquqni qo‘llash amaliyoti, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish masalalari haqida ham o‘z nuqtai nazarini bildirdi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni saylov jarayonlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda foydalaniladigan texnika bazasini modernizatsiya qilishga batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Ochiqlik va ko‘tarinkilik ruhida o‘tgan xalqaro konferensiyadan so‘ng xorijlik ishtirokchilar qadimiy Buxoro shahrining tarixiy-me’moriy yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylariga sayohat qildi.
Izoh (0)