AQSH kongressi vakillar palatasida ikki tomonlama aloqalar tarixida ilk bor O‘zbekiston bo‘yicha kokus tuzildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu guruhga kongressning bir qator yetakchi a’zolari, siyosiy arboblar kirdi. Unga kongresmenlar Trent Kelli (Missisipi) va Visente Gonsalez (Texas) hamraislik qiladi.
Kokus yilda ikki bor AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etish uchun to‘planadi. Uning ilk majlisi 2019-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bo‘yicha kokus hamraislari hozirning o‘zida amerikalik qonun chiqaruvchilar safidan mamlakatga tashrif buyuradigan delegatsiyani shakllantirdi. Uning tarkibiga Trent Kelli va Visente Gonsalezdan tashqari Ron Estes va Rojer Marshall (Kanzas shtati), Ostin Skott (Jorjiya shtati) va Jennifer Gonsalez (Puerto-Riko) kirdi. Toshkentda kongressmenlar O‘zbekiston va ular vakil bo‘lgan shtatlar o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflarni bildiradi.
Ma’lumot uchun, kongressda ushbu guruh tuzilishi bo‘yicha dastlabki kelishuv Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyidagi AQShga tashrifi va kongressdagi muzokaralari davomida erishilgan edi.
Izoh (0)