Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida Markaziy Osiyoda ilk bora GIST (ilm-fan va texnologiyalar orqali global innovatsiyalar) startap treningi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mashg‘ulotlar AQSh elchixonasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Global tadbirkorlik haftaligi doirasida o‘tkazilgan treningda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston jamoalari ishtirok etdi.
AQShdan kelgan 7 nafar trener, mentor va spikerlar tadbirkorlik, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni tijoratlashtirish, g‘oyalar va texnologiyalarni monetirizatsiyalash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qidi, amaliy mashg‘ulotlar orqali trening qatnashchilariga kuchlarini sinashga imkon berdi.
Treningda yoshlar nafaqat bilim olish, balki bilimlarini tajribada sinab ko‘rishga ham muvaffaq bo‘ldi. Jamoalarga potensial xaridorlarni so‘rovdan o‘tkazish, bo‘lajak mijozlar, hamkorlar, hatto raqobatchilari bilan muloqot qilish kabi vazifalar berildi. Yangi texnologiyalar asoslangan tadbirkorlik faoliyatini yuritish, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishga bel bog‘lagan yigit-qizlar biznes-modellar tuzish, o‘z startaplari uchun bozorni o‘rganish, mahsulot narxini chiqarish, mijozlarni jalb etish hamda biznesni kengaytirish usullarini tatbiq etish ko‘nikmalarini egalladi.
To‘rt kun davom etgan mazkur tadbir avvalo yoshlarning novatorlik imkoniyatlarini kengaytirish, hududda yangi startaplarni yaratish, tadbirkorlik ekotizimini mustahkamlashga qaratildi.
Finalga chiqqan yetti jamoa ichidan uchta jamoa tanlab olinib, ular 1000 dan 3000 AQSh dollarigacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik yosh kimyogarlar Mardonali Mirzaliyev va Sherozbek Dolimov taqdim etgan “O‘zbekistonda pektin ishlab chiqarish” loyihasi qo‘lga kiritdi.
— Pektin oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan tabiiy qo‘shimcha bo‘lib, undan qandolatchilik, farmakologiya sohalarida foydalaniladi. Pektin mevalar, jumladan, O‘zbekistonda juda ko‘p yetishtiriladigan olmadan olinadi. Ammo shu paytgacha O‘zbekistonga bu mahsulot xorijiy davlatlardan olib kelinmoqda. Bu aslida juda taajjubli hol, lekin bozorni o‘rganarkanmiz, birorta mahalliy pektin ishlab chiqaruvchini topolmadik. Shu bois ham biz bu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ymoqchimiz, — deydi Sherzodbek Dolimov.
Ikkinchi o‘rin tojikistonlik yosh tadqiqotchilarning Easy Silk Road deb nomlangan startapiga berildi. Bu sayyohlar uchun ilova bo‘lib, u yerda sayyohlik marshrutlari, jumladan, xavfli hududlar haqida muhim ma’lumotlar beriladi.
Uchinchi o‘rinni esa o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan yaratilgan chakana savdoning xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan Fastago loyihasi hamda chiqindilarni kamayishi va ularni qayta ishlashga qaratilgan qirg‘izistonlik tadbirkor-ixtirochilar yaratgan loyiha egalladi.
Izoh (0)