Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, hududda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik subyektlari tomonidan investitsiya kiritish sharti bilan bo‘sh turgan madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanishni ta’minlash yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Xususan, o‘rganishlar natijasida Xorazm viloyatida davlat ko‘chmas mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun qo‘llaniladigan ijara to‘lovining hududiy koeffitsiyentiga joriy yilning 1 noyabr sanasidan o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, ushbu o‘zgartirishga asosan hududdagi madaniy meros obyektlarini tadbirkorlar tomonidan ijaraga olish haq miqdorlarini 40 foizgacha arzonlashtirilishiga erishildi.
Buning natijasida birgina “Oriyent Star” MChJ tomonidan Xiva shahrida Muhammad Aminxon va Matniyoz Devonbegi madrasalarini ijaraga olib, mehmonxona va restoran faoliyatini yurgizish uchun yiliga 399 mln. so‘m miqdorida ijara to‘lovlari amalga oshirib kelinayotgan bo‘lsa, endilikda ushbu kiritilgan o‘zgarishga muvofiq ijara haqqining to‘lovi 237 mln. so‘mgacha kamaytirilishiga erishildi va tejab qolingan mablag‘lar evaziga tadbirkor tomonidan mehmonxona faoliyatini yanada rivojlantirish va qayta investitsiya kiritish uchun imkoniyat yaratib berildi.
Xabarda aytilishicha, yaratilayotgan bunday imkoniyatlar madaniy meros obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga olish istagini bildirayotgan tadbirkorlar sonini oshishiga va yillar mobaynida bo‘sh turgan 20 dan ortiq madaniy meros obyektlarini tadbirkorlik subyektlariga ijaraga berish imkoniyatlarini hamda viloyatning turizm salohiyatini yanada kengayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Izoh (0)