Butunjahon fanlar akademiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro ilmiy muassasadir. Joriy yilda tashkilotning yangi a’zolarini aniqlash bo‘yicha mavjud haqiqiy a’zolar ishtirokida o‘tkazilgan saylovda o‘zbek olimi ana shunday yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekistonlik matematik olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor O‘tkir Roziqov ilmiy tuzilmaning a’zosi etib saylandi.
Bundan tashqari, saylovda ushbu ilmiy tuzilma tarkibiga dunyoning 24 mamlakatidan 55 nafar yangi a’zo qabul qilindi. Buxoro davlat universiteti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugungi kunga qadar O‘zbekiston olimlaridan uch nafari ushbu tuzilma a’zoligiga saylangan edi. O‘tkir Roziqov esa ularning to‘rtinchisi bo‘ldi.
Olim dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan takliflar olib, ularning oliygohlarida ma’ruzalar o‘qimoqda. U.Roziqovning 202 ilmiy ishidan 125 tasi chet elning nufuzli jurnallarida, 23 tasi O‘zbekiston jurnallarida chop etilgan. Uning 404 betlik monografiyasi esa dunyoning 200 dan ortiq universitet va ilmiy markazlari kutubxonalaridan o‘rin egallagan.
Ayni kunda ilmiy natijalari jahon miqyosida e’tirof etilgan, iqtidorli olim O‘tkir Roziqov Buxoro davlat universitetining Matematika kafedrasi taklifiga ko‘ra 5-noyabrdan 17-noyabrga qadar o‘z ma’ruzalari bilan pedagog o‘qituvchilar bilim saviyasini boyitishga beminnat yordam bermoqda.
Izoh (0)