O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni joriy yilda davlat budjetining kutilayotgan ijrosi, 2019-yilga mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, budjet-soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda joriy yil yakuni bo‘yicha davlat budjeti daromadlari 74,5 trillion so‘m, xarajatlari esa 78,5 trillion so‘mni tashkil etishi, mahalliy budjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 6 barobar ko‘p mablag‘ qolishi kutilayotgani qayd etildi.
Budjet xarajatlari 2017 yilga nisbatan 60 foiz yoki 29 trillion so‘mga oshgan. Ushbu mablag‘larning 5,6 trillion so‘mi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltirildi. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan ta’minlash uchun “Mikrokreditbank”ka 700 milliard so‘m va “Xalq banki”ga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirishga 4,5 trillion so‘m ajratildi.
Asosiysi, budjet sohasi xodimlari ish haqlari, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya ko‘rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar, profesor-o‘qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqlari 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.
Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xo‘jaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital quyilmalar oshishi budjet daromadlari ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Izoh (0)