O‘zbekiston Prezidentining 2-iyulda qabul qilingan “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida fermer xo‘jaliklari buxgalteriya hisob-kitobini sifatli va tezkor olib borish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bosh hisobchisi Gavhar Suvonovning qayd etishicha, joylarda fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ularning soni hozirda 157 taga yetdi.
Mazkur markazlarga qariyb uch ming nafar buxgalter ishga qabul qilingan bo‘lib, ular fermer xo‘jaliklari ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalar, mavsum yakuni bo‘yicha tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish kabi vazifalarni bajaradi.
Markazlar paxta va boshoqli don yetishtiruvchi fermerlarga tekin xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, moliyaviy imkoniyati cheklangan, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish izdan chiqqan ayrim xo‘jaliklarda hisobotni tiklash maqsadida uch oy davomida bepul xizmat ko‘rsatiladi. Boshqa mahsulot yetishtiruvchilar ushbu xizmatlar uchun belgilangan tartibda to‘lovni amalga oshiradi.
Ayni vaqtda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining agrotexkartalari asosida ajratilgan kredit resurslarini onlayn tarzda boshqarish, to‘lovlarni amalga oshirish va qoldiqlarni nazorat qilib borish imkoniyatini beruvchi maxsus mobil banking dasturiy ta’minot “Agrobank” bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Bu mobil banking dasturining ishga tushishi natijasida fermer xo‘jaliklari faoliyati to‘g‘risidagi barcha zarur ma’lumotlarning elektron bazasi yaratiladi.
Izoh (0)