O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimov Moskvaning Tver sudiga murojaat etib, “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan o‘ziga tegishli pul mablag‘larini undirib berish yuzasidan da’vo kiritdi. Bu boradagi sud eshituvlari 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi, deb xabar beradi Sputnik.

Foto: Google Photos

Aytilishicha, Pyotr ilgari milliy aviakompaniyada yuqori lavozimlardan birini egallagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston havo yo‘llari” unga tegishli maoshni to‘lamagan. Aviakompaniya vakillari, o‘z navbatida, bundan bexabarligini bildirmoqda.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Pyotr Karimov “Aziya-Invest” bankida ishlagan.

Da’vo “To‘lanmagan oylik maosh, boshqa to‘lovlar (va to‘lov kechiktirilgani uchun badal) undirish bo‘yicha mehnat bahslari” deb nomlangan.

Pyotr Karimov 1969-yili Islom Karimovning Natalya Kuchmi bilan nikohidan tug‘ilgan. Aytilishicha, ayni paytda u Moskva viloyatida yashab kelmoqda.