20 yoshli fransiyalik Lego kolleksioneri va videobloger Luis uyiga o‘g‘ri tushib, deyarli hamma konstruktorlarni o‘marib ketgani haqida so‘zlab berdi, deb yozadi TJournal.
“Xayr” deb nomlanuvchi rolikda videobloger ko‘zida yosh bilan kolleksiyani 2004-yildan buyon yig‘ib kelayotganini aytgan. Uning narxi 16 ming yevrodan ortiq bo‘lgan. Luis endi Lego konstruktorlarini kolleksiya qilishni tashlashini, chunki yangi Lego uchun shuncha pul yig‘a olmasligini ta’kidlagan.
“Tuni bilan yig‘lab chiqdim. Moliyaviy boyligimdan tashqari, butun bolaligimni ham o‘g‘irlab ketishdi. Kolleksiyamning katta qismi o‘marib ketilgan, 10 oyga yaqin vaqtimni sarflagan so‘nggi ijod namunam esa barbod qilingan. 14 yillik Lego yig‘ish va sakkiz yillik videoblogerlikni tashlayman. Meni shuncha yillardan buyon kuzatib kelganingiz uchun rahmat. Xayr”, — deya xayrlashdi Luis.
Twitter va Reddit forumi foydalanuvchilari Luisga yordam berish yo‘llarini qidira boshladi. Kimdir o‘zidagi Lego to‘plamini berishga rozi bo‘lgan bo‘lsa, boshqalar Lego kompaniyasiga xat yozib, kolleksiyani qayta tiklashda yordam so‘radi.
Mablag‘ yig‘ish bo‘yicha GoFundMe maydonchasida esa videoblogerga yordam berish istagidagilar 18 ming dollar pul yig‘di. Bu kolleksiyani qayta tiklash xarajatlarini qopladi.
Luis uni qo‘llab-quvvatlaganlar, og‘ir vaziyatda yordam qo‘lini cho‘zganlarga minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)