Oliy sud va Yoshlar ittifoqi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan Qashqadaryo viloyat kengashi raisi Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismi bilan ayblangan Humoyun Shermatovning jinoyat ishi bo‘yicha jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etdi. Bu haqda “Daryo”ga kengash jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar ittifoqi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sud majlisida Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida tug‘ilgan H.Shermatovning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, oddiy askar H.Shermatov harbiy xizmat davomida xizmatdoshi bilan gap talashib qolib, bu holat ikki tomonning ham qiziqqonligi sabab mushtlashuvgacha yetib boradi hamda u sherigiga jiddiy jarohat yetkazadi.

Sud jarayonida jamoat himoyachisi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Shomurod Sattorov tomonidan sudlanuvchi H.Shermatovga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlash, harbiy xizmatni davom ettirishiga imkon berish, kelgusida ushbu fuqaroni kafillikka olish taklifi bildirildi va bu haqda kafolat xati taqdim qilindi.

Foto: Yoshlar ittifoqi

Sud uning qilmishini o‘zi to‘la anglamagan holda sodir etgani, muqaddam sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini inobatga olib, unga nisbatan qo‘llanilgan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazoni bekor qildi.

Sudlanuvchi Yoshlar ittifoqi hamda Qoraqalpog‘iston IIV qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qism qo‘mondonligi kafilligi ostida sud zalidan ozod etildi.