Xorij va mahalliy elektron nashrlarda “Toshkentda ikki oy mobaynida 6 nafar avtohavaskor yo‘qoldi” sarlavhasi ostida materiallar e’lon qilindi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Mazkur materiallarda ko‘rsatib o‘tilgan barcha shaxslarning turar joyi aniqlangan. Ular hozirda uylarida, yaqinlari davrasida. Bundan faqat taksi haydovchisi Dilmurod V. istisno: u jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jumladan, Mercedes-Benz mashinasida 2-sentabrda uydan chiqib ketgan va oilasi tomonidan 9-sentyabrda qidiruvga berilgan Bositxo‘ja B. ertasi kuni Sergeli tumanidan topildi. O‘z qilmishini u uydagilar bilan kelishmovchilik sifatida izohladi.

Uydan 1-avgustdan chiqib ketgan va 6-sentabrda qidiruvga berilgan Matiz haydovchisi Ibrohim U. esa 3 kundan so‘ng Ohangarondan topildi. 36 yoshli erkakning aytishicha, tanishlaridan qarzdor bo‘lib qolgan va mashinani mast holda boshqargani uchun belgilangan jarimani to‘lashi kerak bo‘lgan.

Nexia xizmat avtomobilida 9-avgustda chiqib ketib, na uydagilari, na ish beruvchilari bilan bog‘langan Dadaxon N. Buxoroda, “shaxsiy yumushlari” bilan yurgani aniqlandi. U 18-avgustda Toshkentga qaytdi.