Xitoyda futbol bo‘yicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan Jamshid Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston U21 terma jamoasi g‘olibga aylandi.
Saidov shogirdlari, 8-sentabr sanasida mezbon Xitoy termasi bilan 1:1 hisobida durang qayd etdi. Shu tariqa umumiy hisobda 7 ochko to‘plagan O‘zbekiston termasi musobaqa chempioni bo‘ldi. 2-o‘rin Xitoyga nasib qilgan bo‘lsa, 3 va 4-o‘rinlarni Tojikiston va Myanma terma jamoalari o‘zaro bo‘lib olishdi.
O‘zbekistonlik futbolchilar musobaqa doirasida Tojikiston U21 hamda Myanma U21 terma jamoalarini mag‘lub etgandi. Shuningdek, Xitoy darvozasini ishg‘ol etgan Sherzod Nasrullayevning goli turnirdagi eng chiroylisi deb topildi va unga tashkilotchilar tomonidan maxsus sovrin topshirildi.
O‘yindan so‘ng kiyim almashtirish xonasi o‘zbekistonlik futbolchilar tomonidan tozalanib, musobaqa tashkilotchilari va Xitoy xalqiga “O‘zbekiston nomidan raxmat” deb yozilgan minnatdorchilik xati qoldirildi.