3-sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Shahrisabz shahrida 6—10-sentabr kunlari o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumaniga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xalqaro miqyosdagi tadbirga tayyorgarlik ishlari keng ko‘lamda olib borilayotganligi bilan birga, mutasaddi rahbarlarga qo‘shimcha vazifa va topshiriqlar berildi.
Bosh vazir tomonidan respublikaning har bir hududidan tashrif buyurgan tashkilotchilar o‘zining tarixi va madaniyatini namoyishida milliylik iforini tarannum etuvchi ekspozitsiyalarini ko‘paytirish vazifalari topshirildi. Shu bilan birga, hududga mos taomlar turlarini tayyorlash va mehmonlarning tanovul qilishi ko‘zda tutildi.
Tanishuv davomida anjumanning chet ellik ishtirokchilari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbir doirasida ularning Qashqadaryo viloyatining o‘ziga xos urf-odatlari, udumlari bilan yaqindan tanishish maqsadida, ushbu viloyatda joylashgan tarixiy obidalar, qadamjolar va ziyoratgohlarga ham tashrifi rejalashtirilgan.
Xususan, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jai Ilg‘or qishlog‘i, Kitob tumanidagi Hazrati Bashir ziyoratgohi, Chiroqchi tumanining Chiyali qishlog‘i va boshqa bir qator madaniy meros obyektlari shular jumlasidandir.
Izoh (0)