“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning bojxona chegarasi orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh etdi. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar berdi.
“Samarqand” xalqaro aeroportiga Domodedovo—Samarqand yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan fuqaro J.B. “yashil” yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi.
Shundan so‘ng, unga tegishli bo‘lgan sumka xolislar ishtirokida tekshirilganda, sumka ichidan 2 ta korobkada jami 50 dona 16 millimetr kalibrli ov quroli gilzasini yashirib o‘tayotganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi bosh inspektor-surishtiruvchisi Farhod Ahrorovning ma’lum qilishicha, fuqaro J.B. 50 dona 16 mm kalibrli ov quroli gilzasini olib kelayotganini bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan.
Ushbu holat yuzasidan sud fuqaro J.B.ning qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini e’tirof etib, unga nistaban jazo tayinlashda muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganligini inobatga olib tegishli qaror chiqardi.
Fuqaro J.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 22719-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi hamda ov quroli gilzalari davlat foydasiga musodara qilindi.
Joriy yil boshidan buyon 7 oy davomida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ikkita holatda 158 ta gilza olib kelinishi oldi olingan.
Izoh (0)