Shu kunlarda AQShning Chikago shahrida safarda bo‘lib turibman. Quyida ushbu maroqli safar taassurotlari bilan bo‘lishaman.
Chikago AQShning eng yirik shaharlaridan biridir. Shahar aholisi 2,8 million kishi, Chikago aglomeratsiyasida esa salkam 10 million kishi yashaydi. Shahar AQShning biznes markazlaridan biri hisoblanadi.
Shunga qaramay, Chikago nihoyatda sokin shahar. Shahar markazi — Downtown’da har doim ham tirbandlik ko‘ravermaysiz. Bu jihatdan u AQShning hamisha qaynab turadigan Nyu-York, Las-Vegas singari shaharlaridan farq qiladi.
Shaharning markaziy ko‘chalari unchalik keng emas, lekin bir tekis, to‘rtburchak shaklda joylashgan. Ko‘pchilik ko‘chalar bo‘ylab asosan mehmonxonalar, biznes-markazlar, restoran va gipermarketlar, shuningdek, avtoturargohlar joylashgan. Chikagoning eng keng va mashhur ko‘chasi Michigan Avenue deb ataladi. Ko‘plab osmono‘par binolar, haykallar, diqqatga sazovor obyektlar aynan shu ko‘cha bo‘ylab joylashgan. Mashhur Trump Tower ham shu ko‘chaning diqqatga sazovor binolaridan biri hisoblanadi.
Michigan Avenue ostidan Chikago daryosi oqib o‘tadi. Butun shaharni kesib o‘tadigan ushbu daryo shaharliklar va turistlarning sevimli hordiq chiqarish obyektiga aylangan. Katerlar odamlarga to‘lib-toshib yotadi, daryo bo‘yida o‘tirish, sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish, guruh bo‘lib dam olish ham keng tarqalgan.
Chikagoning eng baland binosi Willis Tower deb ataladi. 108 qavatdan iborat mazkur binoning 103-qavatida Skydeck — shaharni tomosha qilish maydonchasi joylashgan bo‘lib, unga har kuni 25 mingdan ortiq turist tashrif buyuradi. Eng yuqori qavatdan butun shahar kaftdek ko‘rinadi.
Chikagoning yana bir diqqatga sazovor joyi Michigan ko‘lidir. Ko‘l shaharning shundoq yonboshida joylashgan. Plyajlarda dam olish, katerlarda sayr qilish shaharliklarning sevimli hordiq chiqarish uslubidir.
Chikagoning eng yirik bog‘i Millenium Park deb ataladi. Grant Park majmuasi tarkibiga kiruvchi ushbu jamoat bog‘ida konsertlar, festivallar tashkil etiladi. Millenium Park birinchi navbatda Cloud Gate nomli shaffof tuxumsimon skulptura bilan mashhur. U Chikagoning eng asosiy turistik obyektlaridan biri hisoblanadi.
Chikagoliklar nihoyatda xushmuomala va ko‘ngli ochiq insonlardir. Shaharliklar salom-alikni kanda qilmaydi, bundan tashqari, har qanday noqulay vaziyatda birinchi bo‘lib uzr so‘rashga shoshiladi.
Shaharda turli haykallar va installyatsiyalar juda ko‘p.
Chikagoliklar, ayniqsa yoshlar faol turmush tarzi kechirishga urinadi. Sport bilan shug‘ullanadiganlar juda ko‘p ekanligi qatorida, ko‘chalarda performanslar uyushtiradiganlar ham ko‘p. Goh-goh ko‘chada hayvonlar huquqlarini himoya qilib varaqa tarqatayotgan yoki bo‘lmasa qo‘shiq kuylab, san’atini namoyish etayotganlarga ham ko‘zingiz tushadi.
Izoh (0)