1-avgustdan boshlab O‘zbekistonda kuchga kiradigan tartibga ko‘ra, davlat organi tomonidan qabul qilingan qarorning keyinchalik haqiqiy emas deb topilishi yoki bekor qilinishidan zarar ko‘rgan investorga davlat tomonidan tovon puli to‘lab beriladi. Bu haqda Prezidentning 1-avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.
“Insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik subyektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi, agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas deb topilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa.
Davlat organi (mansabdor shaxs) ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi, agar u insofli investor va tadbirkorlik subyektining qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lsa, sud tartibida ko‘rib chiqiladi, uning saqlab qolinishi jamoat manfaatlariga tahdid solayotgan hollar bundan mustasno”, — deyiladi hujjatda.
— Bu davlat vakolatli davlat organlari qabul qilayotgan ma’muriy hujjatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini anglatadi, — deydi Adliya vazirligi bosh maslahatchisi Javohir Kolizoda. — Masalan, tuman hokimi investorga yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi, investor esa unga ishonib qurilishni boshladi. Biroq bir qancha vaqtdan keyin ma’lum bo‘ldiki, hokimning mazkur qarori g‘ayriqonuniy hisoblanadi va yuqorida turuvchi hokim uni bekor qildi. Bu holatda investor faqat zararda qoladi.
Endilikda bu kabi holatlarda investor yoki tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zarar qoplab beriladi.
Qonunda keltirilishicha, “jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi”.
Izoh (0)