“Daryo.uz” saytida Toshkentdagi “Fin yarmarkalari”ga bag‘ishlangan turkum maqolalarini e’lon qilgan jurnalist Inna Akkermansevaning mavzuga oid navbatdagi maqolasini e’tiboringizga taqdim qilamiz.
27-iyul, juma kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi ROOTS supermarketida Uchtepa IIB va tuman soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan go‘yoki Rossiyada musodara qilingan mollarning savdosi to‘xtatildi.
Voqea joyida Rossiyaning 2 nafar fuqarosi IIB xodimlariga pasportlarini ko‘rsatishdan bosh tortgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular Rossiya bojxona xizmati musodara qilgan tovarlar savdosi haqida e’lon qilgan. Biroq Rossiya mahsulotlari o‘rniga Toshkentdagi bozorlardan sotib olingan kurtka va oyoq kiyimlarni sotgan.
Aniqlanishicha, hech qanday hujjatda rossiyalik fuqarolarning ismi keltirilmagan. Barcha hujjatlar O‘zbekiston fuqarolari nomiga rasmiylashtirilgan. Shu bois Rossiya fuqarolariga nisbatan hech qanday chora ko‘rishning imkoni topilmagan.
“Farovon zamon group” MChJ direktori joyni ijaraga olish qoidalarining buzilgani, reklama e’lonlarida noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgani, kassa apparatisiz savdo qilingani uchun ma’muriy jarimaga tortilgan.
O‘zini Vladimir shahridan kelgan Ivan va Misha deb tanishtirgan rossiyaliklar o‘z faoliyatini to‘xtatmoqchi emasligi emasligini ma’lum qilgan, shuning uchun bunday yarmarkalar boshqa hududlarda ham paydo bo‘lishi ehtimoli katta.
Avvalroq Toshkentda paydo bo‘lgan “Fin yarmarkasi”da Rossiya tovarlari o‘rniga Xitoy mahsulotlari sotilgani xabar qilingan edi. Rossiya bojxonasi Toshkentdagi “Fin yarmarkalari” bo‘yicha rasmiy bayonot bergan.
Izoh (0)