25-iyul kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo taklifiga binoan Diniy erkinliklarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan vazirlar konferensiyasida ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Milliy press-klubda “O‘zbekistonda diniy erkinliklarning yangi davri” mavzusida maxsus brifing o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Abdulaziz Komilov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Qonunchilik palatasi a’zosi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz rahbari Akmal Saidov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘z nutqlarida ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi mamlakatda yashayotgan turli din va konfessional guruhlarga nisabatan bag‘rikenglik va hurmat bilan munosabatda bo‘linganidan darak beradi.
Brifing qatnashchilariga Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida diniy erkinliklarni ta’minlash va ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekistonda 140 ta millat, 16 ta konfessiya vakillari tinchlik va totuvlikda yashab, siyosiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Milliy press-klub majlisida ishtirok etgan jurnalistlar, ekspertlar, siyosatshunoslarning savollariga ham javob berdi.
Brifingda Amerika tomonidan AQSh Milliy xavfsizlik kengashining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori J.Kolbert, Global jalb etish instituti prezidenti J. Chen, Vashington Universiteti professori K. Saypl nutq so‘zladi.
Brifingda, shuningdek, AQSh ma’muriyati, Kongress, ekspert-tahlil va ishbilarmonlik doiralari, diniy va boshqa nohukumat tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.
Izoh (0)