8-iyul, yakshanba kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida yashovchi M.K. ismli ayol ichki ishlar organlari ustidan arz qilib hamda unga yordam berishni so‘rab Facebook’ga video joylashtirgan. Toshkent viloyati IIB mazkur holat yuzasidan surishtiruv olib bordi. Bu haqda viloyat IIB jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.
M.K.ning o‘g‘li oilasiga ko‘maklashish maqsadida qoramol boqish bilan shug‘ullangan. U ishlagan pulidan orttirib velosiped sotib olgan. Velosipedni bolaning otasi mast holatda boshqargan va YPX inspektorlari unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Facebook’ga joylangan videoda Mastura Karimova velosipedni qaytarib olish uchun YPX xodimi undan 500 ming so‘m talab qilayotganini aytgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Mastura Karimovaning turmush o‘rtog‘i 25-may kuni soat 10:00 larda Quyi Chirchiq tumanida mast holatda velosiped boshqarib ketayotganida tuman IIB YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Tibbiy ko‘rik uning spirtli ichimlik iste’mol qilganini tasdiqlagan. Natijada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 131-moddasiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va velosiped jarima maydonchasiga joylashtirilgan. M.K. tuman IIB YHXBga borib, velosipedni qaytarishni so‘ragan. Idora xodimlari 500 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima to‘lash yoki to‘lashga imkoniyati bo‘lmagan taqdirda o‘zi istiqomat qilayotgan mahalla fuqarolar yig‘inidan oilasining kam ta’minlangani haqida ma’lumotnoma olib kelib, sudga taqdim etishni aytgan.
8-iyul, yakshanba kuni viloyat IIB xodimlari tomonidan M.K.ning turmush o‘rtog‘i bilan suhbat o‘tkazgan. U mahalla fuqarolar yig‘inidan oilasi kam ta’minlangani haqida ma’lumotnoma olib kelib, sudga taqdim etgan va jarima to‘lamasdan velosipedni qaytib olgan.
Izoh (0)