O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tashabbusiga ko‘ra “Istiqlol” masjidining imom-xatibi Nasriddin Umar bilan uchrashuv tashkil qilindi. Imom-xatib O‘zbekistonga tashrifi to‘g‘risida so‘zlab berdi, deya O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi “Daryo”ga xabar berdi.
Doim O‘zbekistonga tashrifimni iliq xotiralar bilan yodga olaman. Men o‘zimni u yerda o‘z vatanimdagiday his qildim. Odamlaringiz nihoyatda oqko‘ngil. Ko‘chalarda tinchlik va osoyishtalik hukm suradi. Nafaqat Toshkentda, qayerga tashrif buyurmay xuddi shunday farovonlikni ko‘rdim.Ma’lumot uchunBu ulkan taraqqiyot yo‘lidir, sizlardan o‘rnak olishimiz kerak. O‘zbekiston turli din vakillarining tinchlik va bag‘rikenglik muhitida yashashi, tinchliksevar islomning haqiqiy timsolidir. Indoneziyada ham bu masalaga katta e’tibor qaratiladi va barcha konfessiya vakillarining tinch-osoyishta yashashi ta’minlanadi. Bizning masjidimiz eshiklari ham barcha uchun ochiq, uning nomi (“Istiqlol”) ham bejiz tanlanmagan, asosiy vazifamiz mustaqil Indoneziya jamiyatini birlashtirishdan iborat. Shu ma’noda Indoneziya va O‘zbekiston butun dunyoga islomning naqadar tinchliksevar din ekanini namoyish qilishi mumkin.
Har yili 1 millionga yaqin indoneziyaliklar Haj va Umra ziyoratlariga otlanishdan oldin bir qancha mamlakatlarga tashrif buyuradi. Tan olish kerak, O‘zbekiston haqida ko‘pchilik umuman ma’lumotga ega emas, vaholanki ziyoratchilarning borishi uchun bu mamlakatdan qiziqarli va xavfsiz davlatni topib bo‘lmaydi. Meni O‘zbekistonda ziyorat turizmining rivojlantirish bo‘yicha hamkoringiz, deb hisoblasangiz bo‘ladi. Indoneziyaliklarni O‘zbekiston, uning islom tarixi va hozirgi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida xabardor qilishni o‘zimning asosiy vazifalarimdan biri deb hisoblayman. Masjiddagi xutbada, talabalarimga o‘qiydigan ma’ruzalarimda, odamlar bilan muloqotda bo‘lganimda, davlat va jamoat arboblari bilan uchrashganimda bu vazifamni ado etaman.
O‘zbekiston o‘zining islom ilmi, madaniyat va dinga qo‘shgan hissasi bilan haqli ravishda faxrlanishi mumkin. O‘zbekistonning har biri hududi, xususan, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz o‘ziga xos madaniyati, tarixi, buyuk ajdodlari va islom arxitekturasi yodgorliklariga boy. Islom turizmi borasida O‘zbekiston har qanday boshqa mamlakat bilan osonlikcha raqobat qilishi mumkin. Boshqa mamlakatlarda O‘zbekistonda bor yodgorliklarning yarmi ham yo‘q. Vizalarning bekor qilinishi bu borada muhim qadam bo‘ldi.
Albatta, mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysning yo‘lga qo‘yilmagani noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Toshkentga borish uchun kerakli reysni kutishga to‘g‘ri keladi, bu esa kishini toliqtiradi. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan bu masalalar ham hal bo‘ladi.
Men, Indoneziya islom universitetida ko‘p yillardan buyon dars beraman. Mamlakatingiz prezidenti ajdodlar xotirasi va muqaddas dinimizga naqadar hurmat bilan qarashini kuzatganman. Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tuzilgani, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasining o‘tkazilgani O‘zbekistonning roli va nufuzini yanada oshiradi hamda Umma tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Mamlakatlarimizning o‘xshash tomonlari ko‘p. Xususan, biz o‘zbekistonlik mutaxassis va o‘qituvchilarni Islom universitetida ma’ruza o‘qish uchun taklif qilmoqchimiz. Shuningdek, hamkorlikda islom tarixi va qo‘lyozmalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishga tayyormiz. O‘zbekiston bu borada qadimiy tarix va har qanday islom mamlakatini ortda qoldiradigan ulkan imkoniyatlarga ega.
Fursatdan foydalangan holda barchaga tinchlik va osoyishtalik tilab qolaman”.
Nasriddin Umar, “Istiqlol” masjidining imom-xatibi
“Istiqlol” masjidi Indoneziya mustaqilligi munosabati bilan 1961-yil 24-avgustda tashkil etilgan. Masjidning tamal toshini prezident Sukarno qo‘ygan. Qurilish ishlari 17 yil davom etgan. Masjidning ochilishi 1978-yil 22-fevral kuni bo‘lib o‘tgan. “Istiqlol” — Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik masjid bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 ming kishini qabul qilishi mumkin.
Izoh (0)