Yaponiya imperatori Akixito serebral anemiya (miya kamqonligi) sababli o‘zini betob his qilayotgani va shifokor nazorati ostida bo‘lishi kerakligi ma’lum qilingan. Bu haqda “Kiodo” agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, imperatorda 2-iyul dushanba kuni tongda kuchli terlash va bosh aylanishi kuzatilgan. Saroy shifokorlari imperatorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan va ko‘proq dam olishni, bundan buyon doimiy tekshiruvda bo‘lishini tayinlagan.
2016-yil avgustda imperator xalqqa yo‘llagan maxsus murojaatida yoshi tufayli o‘z vazifalarini uddasidan chiqa olmayotgani, shuning uchun vakolatlarini merosxo‘riga topshirish va hukumat ishlaridan uzoqlashishni istashini aytgan.
2017-yil dekabrda imperator oilasi ishlari bo‘yicha komissiya Akixito 2019-yil 30-aprelda iste’foga chiqishi haqida qaror qilgan. Uning merosxo‘ri — shahzoda Naruxito 2019-yil 1-may kuni taxtga o‘tiradi.
Aslida Yaponiya qonunchiligida imperatorning iste’foga chiqishi nazarda tutilmagan. Akixito uchun istisno tariqasida “maxsus qonun” kuchga kirgan. Unga ko‘ra Yaponiya imperatori taxtni merosxo‘riga meros qoldirishi mumkin.
Izoh (0)