Respublika ishchi guruhi 11—18-iyun kunlari Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida aholining turmush sharoitlari bilan tanishdi, deb yozmoqda O‘zA.
Mutaxassislar 11 ta guruhga bo‘linib, 51 ta mahallada xonadonma xonadon kirib aholi bilan muloqotda bo‘ldi. Natijada 7854 ta muammoli holat qayd etildi. Shundan 5896 ta muammo bartaraf etilgan bo‘lsa, 1958 tasi bajarilish jarayonida turibdi.
Ishchi guruhga kelib tushgan shikoyatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, tuman aholisini eng ko‘p tashvishga solayotgan muammo gaz bilan bog‘liq. Bu borada jami 1647 ta shikoyat yozib olingan. Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 46 ta mahallaga 2226 dona maishiy gaz ballonlari hamda 160,2 tonna suyultirilgan gaz tarqatildi.
Aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhga 943 ta murojaat kelib tushgan. Natijada sayyor mehnat yarmarkalari tashkil etildi va 261 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Sog‘liqni saqlash sohasiga oid 680 ta shikoyat bildirildi. Shikoyatlar asosida tuman fuqarolarining 15 291 nafari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shu jumladan, 571 nafar nogiron, 1351 nafar pensioner, 1658 nafar boshqa toifadagi shaxslarning xonadonlariga borib, tibbiy ko‘riklar tashkil qilindi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganlarning 5435 nafarida, ya’ni 35,5 foizida turli kasalliklar aniqlandi. Nogironligi bor shaxslarga 50 ta aravacha, 5 ta qo‘ltiqtayoq, 11 ta eshitish apparati taqdim qilindi. 10 nafar fuqaroga nogironlik guruhi belgilandi.
Ishchi guruh tomonidan ichimlik suvi borasida 566 ta murojaat yozib olindi. Natijada 12 kilometrlik qazish ishlari bajarildi. 3 kilometrlik tarmoq tortildi, 4 ta suv minorasi, 7 ta suv nasosi ta’mirlandi, 4 ta quduq tozalandi.
Yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishchi guruhga kelib tushgan 360 ta shikoyat asosida 21,4 kilometrlik yo‘l qum-shag‘al aralashmasi bilan qoplandi.
329 ta murojaatda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar aks etgan. Shikoyatlarga asosan, 32 ta mahallaga 510 ta tayanch beton ustunlari keltirilib, ularning 390 tasi to‘liq o‘rnatildi. Xo‘jaqishloq, Sarmazor, Karnaychi, Qorajiyda va G‘ishtmon mahallalariga 5 ta transformator punktlari o‘rnatildi.
Melioratsiya bo‘yicha ishchi guruhga 40 ta murojaat kelib tushgan. Aholi yer osti suvlarining ko‘tarilib, tomorqa xo‘jaliklaridan foydalanishga jiddiy to‘siq bo‘layotganidan shikoyat qilgan. Murojaatlar asosida Yo‘ldoshobod, Do‘rmon, Namuna, Qizilariq, Paxtakor, Katta Boltako‘l, Qumtepa, Ko‘prikboshi mahallalarida 5,1 kilometrdan ortiq zovur tarmoqlari tozalandi. 6 ta tik quduqda ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 127 gektar maydondagi sizot suvlarning pasayishiga erishildi.
Izoh (0)