O‘zbekiston mart oyidagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan xatti-harakatlarini davom ettiradi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
O‘tgan davr mobaynida Afg‘oniston hukumati, AQSh, XXR, Rossiya, Xalqaro muloqot guruhiga a’zo davlatlar, Yevroosiyo mintaqasi, Janubiy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlari vakillari bilan qator maslahat uchrashuvlari va muzokaralarni o‘tkazdi.
“Shu bilan bir qatorda, Toshkent konferensiyasi ishtirokchilari pozitsiyasini birlashtirishni amalga oshirish maqsadida o‘zbek tomoni ‘Tolibon’ harakatining yuqori darajali vakillari bilan tegishli aloqalarni o‘rnatib, o‘tkazilgan uchrashuvlarda Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish va uni iqtisodiy rivojlantirish uchun muloqot va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi”, — deyiladi bayonotda.
“O‘zbekiston Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston hukumati va ‘Tolibon’ harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilganini olqishlaydi. O‘zbek tomoni mazkur sulh Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi muddatini uzaytirish haqida e’lon qilgani ortidan muddatsiz davom etishiga umid bildiradi”, — deyiladi bayonotda.
TIV O‘zbekiston hududida Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga to‘liq tayyor ekanini tasdiqladi.
Izoh (0)