Yetakchi xorijiy kompaniyalar Toshkentda qurilayotgan halqa metro yo‘li uchun o‘z poyezdlarini yetkazib berishga qiziqish bildirmoqda, deb yozadi “Podrobno.uz”.
“Hozir maxsus ishchi guruh halqa metro yo‘li uchun poyezdlar bo‘yicha takliflarni o‘rganib chiqmoqda. Bu masalada yetakchi chet el kompaniyalari katta qiziqish bildirmoqda. Parallel tarzda yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha Toshkent zavodida mahalliy poyezdlarni yaratish ishlari bormoqda. Biz, albatta, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni afzal ko‘ramiz. Biroq mahalliy zavod xorijlik ishlab chiqaruvchilar bilan qo‘shma tarzda poyezdlar qurishi bilan bog‘liq variantlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Boshqa bir qator takliflar ham bor”, — dedi “O‘zbekiston temir yo‘llari” boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Kamolov.
Metro halqa yo‘lining jami uzunligi 51,1 kilometrni tashkil qiladi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha poyezdlarning o‘rtacha harakat tezligi 60 kilometrga yetadi, halqa bo‘ylab yo‘lni bosib o‘tish vaqti 1 soat-u 10 daqiqa etib belgilangan.
Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining “Do‘stlik” bekatidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan 8 bekatdan iborat qismi quriladi. Keyinchalik u “Olmazor”, “Beruniy”, “Bodomzor” hamda “Tuzel” bekatlari orqali yana “Do‘stlik” bekatiga tutashtirilib, yaxlit metro halqasini tashkil etadi. Mazkur metro yo‘li Yashnobod, Uchtepa, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududidan o‘tadi.
Izoh (0)