Yaponiyada daryoda cho‘kib ketgan deb hisoblangan erkak o‘zining krematsiyasidan bir yil o‘tib uyiga qaytib keldi, deb yozmoqda Daily Mail.
Voqea haqida Tokio politsiyasi 13-iyun, chorshanba ma’lumot bergan. Aytilishicha, politsiyaga may oyida bir ayol murojaat qilib, 1 yil ilgari u eri sifatida tan olgan murda aslida boshqa kishi bo‘lib chiqqanini ma’lum qilgan. Uning bir yil davomida bedarak deb hisoblangan eri kutilmaganda uyiga qaytib kelgan.
Politsiya xatolik uchun uzr so‘rab, marhumning hoki o‘zining haqiqiy oilasiga qaytarilishini aytgan. Politsiya xatoni keltirib chiqargan sabablarni tushuntirib bergan. Gap shundaki, topilgan murda 2 ta bedarak yo‘qolgan kishining ta’rifiga mos kelgan. Ularning ikkisi ham taxminan 40 yoshlarda bo'lgan. Ularning bo‘yi ham deyarli bir xil edi. Qolaversa, xotini va ikki nafar qarindoshi murdani tan olgan. Murdaning tanasidan zo‘ravonlik belgilari aniqlanmagani uchun sud tibbiy ekspertizasi qo‘shimcha tekshiruvlarni amalga oshirmagan.
Politsiya matbuot xizmati erkakning bir yil davomida qayerda bo‘lgani va nima bilan shug‘ullangani to‘g‘risida ma’lumot berishdan bosh tortgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu kabi holatlarning qayta takrorlanmasligi uchun zarur choralarni ko‘rishini aytgan.
Izoh (0)