Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sobiq rafiqasiga tegishli kompaniyalardan biri soliq va yig‘imlardan, xususan, penyalar bilan birgalikda 320 204 rubl qarz bo‘lib qoldi. Yil boshidan buyon sud ijrochilari Lyudmila Putinaning soliq qarzlarini yig‘ish uchun aktivlarini topishga harakat qilmoqdalar, ammo barchasi behuda ketmoqda, deb xabar beradi Tengri News.
2014-yilda turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgan Lyudmila Putina o‘zining qizlik familiyasi — Shkrebneva nomiga “Interyerservis” savdo kompaniyasini ochgan edi. Unga “Meridian” rieltorlik firmasi ham tegishli. 2016-yil oxirida ushbu firma balansida deyarli yarim milliard rubl mavjud bo‘lgan.
Shu bilan birga Lyudmila Putinaning firmalaridan biri rasman bankrot bo‘lgan. 2017-yil oxirida Moskva soliq inspeksiyasi “Interyersevis”ning davlat oldida qarzi borligi to‘g‘risida akt tuzgan.
16-yanvar kuni sud ijrochilari ushbu fakt asosida alohida ish boshlagan, biroq bir oy o‘tgach ish yopilgan. Bunga “qarzdorning joylashgan joyi, uning mulki yoki unga tegishli naqd pul va qimmatbaho buyumlar mavjudligini aniqlash imkoni bo‘lmagan”ligi dalil qilib keltirilgan.
5-mart kuni sud ijrochilari yana yangi ish ochgan. Biroq “Interyerservis”ning nafaqat ko‘chmas mulki yoki YHXBda ro‘yxatdan o‘tgan mashinasi, balki bank hisobi ham bo‘lmagan.
Izoh (0)