Toshkentda 7-iyun kuni Xalqaro press-klub maydonida "Homiylik: yangi an’analarni shakllantirish" mavzusida muloqot o‘tkaziladi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Tadbir tashkilotchilari Oliy Majlis Senati va Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlashtirish jamg‘armasi bo‘lib, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev va Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san’atni rivojlashtirish jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova spiker sifatida ishtirok etadi.
Tadbir doirasida homiylik madaniyatini shakllantirish va targ‘ib qilish, mavjud xayriya va o‘zaro yordam berish qadriyatlarini yanada rivojlantirish, bu borada madaniyat sohasi mutaxassislari, hukumat va biznes vakillari, ijodkorlar va boshqa manfaatdor shaxslarni birlashtirish masalalari keng muhokama qilish rejalashtirilgan.
Muzokaralar davomida mamlakatda xayriya ishlarini rivojlantirish uchun me’yoriy huquqiy ta’minot, davlat va biznesning madaniy ko‘mak faoliyat sohalarini, ularning o‘zaro munosabatlari va mas’uliyatlarini yanada aniqroq taqsimlash, shuningdek, O‘zbekistonda homiylik qiluvchilarning asosiy guruhlarini aniqlash masalalari muhokama qilinadi.
O‘zbekistonda homiylik to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi homiylik ishtirokchilarini qayd etish va ularni rag‘batlashtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, qonun homiylik yordamini oluvchilar tomonidan hisobot topshirish mexanizmini ham nazarda tutadi. Bu o‘z navbatda homiylik qiluvchi shaxslarga ularning mablag‘lari mo‘ljallangan maqsadlarda sarflanayotganligiga ishonch hosil qilishlariga yordam beradi.
Izoh (0)