GM Uzbekistan o‘z avtomobillarini yig‘ish zavodini Qirg‘izistonda ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari Umidjon Salimov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi “Kabar”.
“Biz Qirg‘iziston tomoni bilan bizning avtomobillarimiz savdosini oshirish, buni shu jumladan, avtomobillar yig‘ishni tashkil qilish hisobiga amalga oshirish haqida memorandum imzoladik. Bu biz uchun birlamchi bozorlardan biri, chunki yaqinda O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy transport yo‘lagi ochildi. Bu yo‘nalish shu tomoni bilan manfaatliki, bizning butlovchi qismlarning yo‘ldagi vaqtini qisqartiradi va tabiiyki, avtomobil yig‘ish arzonroq bo‘ladi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning ishchi guruhi Qirg‘izistonda allaqachon to‘rt marta bo‘lib, avtomobil yig‘ish uchun taklif qilingan maydonlarni borib ko‘rgan.
“Ayni paytda biz loyihaning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini o‘rganyapmiz. Zamonaviy avtomobil sanoati yo‘nalishlaridan biri daromadlilik bo‘lgani tufayli, biz amalga oshirayotgan narsalarning barchasi daromad olish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi kerak”, — deya qo‘shib qo‘ydi Salimov.
GM Uzbekistan Qirg‘izistonda Nexia (R3) yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Zavod ochish uchun birlamchi maydon sifatida O‘sh shahri ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)