“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Jahon Banki (Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki) bilan 50 million dollarlik kelishuv imzoladi. Kelishuvga asosan “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Jahon bankining “Sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirish” loyihasining 3-bosqichini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Loyiha doirasida bank yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlariga energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hamda korxonalarning energiya samaradorligini oshirishdagi salohiyatini yuksaltirish maqsadlariga imtiyozli kredit mablag‘larini ajratadi.
Loyihaning 3-bosqichi davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 386 ming MVt/s energiya iqtisod qilinadi, atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar hajmi 799 ming tonnaga qisqaradi.
Qayd etish kerakki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Jahon bankining “Sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirish” loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichlarini amalga oshirishda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Bugungi kungacha ushbu loyiha doirasida bank tomonidan umumiy qiymati 41 million dollar miqdoridagi 19 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Loyihaning dastlabki ikkita bosqichi doirasida sanoat korxonalariga energiya tejamkor ilg‘or texnologiyalarning tatbiq etilishi hamda muqobil energiya manbalarining joriy qilinishi natijasida yiliga 250 ming MVt/s energiya tejab qolinishiga erishilgan.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)