O‘zbekistonda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirishlar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Ushbu o‘zgarishlarga asosan, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish depozit va akkreditiv shartnomalarida ko‘rsatilgan muddat tugagandan keyin banklar tomonidan tegishli hisobvaraqqa kirim qilinishi belgilandi. Shuningdek, mavjud qarzdorlik qoplanmagunga qadar ushbu hisobvaraqlar bo‘yicha shartnomalar muddatini uzaytirish hamda yangi shartnomalar tuzish taqiqlandi.
Prezidentning 2018-yil 9-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tugatilganligi sababli nizomdagi komissiya faoliyatiga oid bandlar chiqarib tashlandi.
Izoh (0)