Qoraqalpog‘iston axborot agentligi “Gazeta.uz” nashrida Mo‘ynoqda ichimlik suvi masalasi yomonlashgani haqidagi xabar yuzasidan tuman hokimligi rahbariyati, mutasaddi organlar va vakillardan rasmiy munosabat bildirishni so‘radi. Oldinroq bu haqda “Daryo” ham yozgan edi.
“Mo‘ynoqda ichimlik suvi ta’minoti yomonlashdi, degan xabar asossiz, — deydi Mo‘ynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarov. — O‘tgan yili muhtaram prezidentimizning tashabbusi bilan tumanimizga tortilgan ichimlik suvi Mo‘ynoq tumani markazi va Uchsay OFY aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab turibdi. Aholining suvni iste’mol qilish bo‘yicha talabi kunlik 2200 kub metrni tashkil qilmoqda”.
Uning aytishicha, bugungi kunda “Qo‘ng‘irot-Mo‘ynoq” Tuyamo‘yin suv quvuridan sutkasiga 2400 kub metr suv Mo‘ynoq tumani suv tarmoqlari korxonasidagi 4500 kub metr suv sig‘imligiga mo‘ljallangan rezervuarga kelib tushmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, Mo‘ynoq tuman markazi va Uchsay OFY aholisining (jami 14599 kishi) ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji belgilangan normativ bo‘yicha kuniga 1800 kub metrni tashkil qiladi.
“To‘g‘ri, suv jadval asosida, hozirda aholiga nasoslarning imkoniyatidan kelib chiqqan holda kuniga ikki mahal berilyapti, ya’ni soat 6:00 dan 10:00 gacha va soat 16:00 dan 21:30 gacha. Yaqin kunlar ichida qo‘shimcha nasoslar o‘rnatilishi bilan doimiy ravishda suv bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi”, — ta’kidladi Daniyarov.
Qoraqalpog‘iston axborot agentligiga ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda “Qo‘ng‘irot” suv tarqatish inshootida to‘rtta nasos (jami oltita nasos, shundan ikkitasi zaxirada) yordamida sutkasiga o‘rtacha 2400 kub metr ichimlik suvi 3 atmosfera bosimida yetkazib berilmoqda. “Qo‘ng‘irot” suv tarqatish inshooti sutkasiga 7000 kub metrgacha ichimlik suv yetkazib berish va bosimni 7−8 atmosfera bosimigacha ko‘tarish imkoniyatiga ega.
Tuyamo‘yin-Nukus mintaqaviy suv o‘tkazgichidan foydalanish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, “Aral” MFYda 7 kilometr suv quvurlari yangidan tortilgan. Ushbu hududdagi umumiy ichimlik suv tarmog‘i uzunligi 8,5 km bo‘lib, qolgan 1,5 km tarmog‘ini ta’mirlash ishlari 2019 yilning manzilli dasturiga kiritilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)