Toshkent, Sharqiy, Shimoli-g‘arbiy, Janubi-g‘arbiy maxsus hamda Markaziy harbiy okruglarda harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari tomonidan Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga Prezident nomidan bir martalik pul mukofoti va sovg‘alar topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirlarda harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat, tuman hokimligi hamda maktab va kollej o‘quvchilari ishtirok etib, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashga hissa qo‘shgan faxriylarning holidan xabar oldi.
Jumladan, Markaziy harbiy okrugi mas’ul ofitserlari, Navoiy viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Navoiy shahrida istiqomat qilayotgan bir guruh urush qatnashchilarini kelayotgan bayram bilan qutladi. Ular bilan yaqindan suhbat qurib, urush dahshatlarini, bugungi tinch va osuda hayotning qadri haqida gapirdi. Faxriylar mana shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukronalar aytib, tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi. Navoiy viloyati hokimi Qobuljon Tursunov va Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari polkovnik Ulug‘bek Do‘stmatov hamda Mudofaa ishlar boshqarmasi ofitserlari ishtirokida urush qatnashchilari Norboy Qozoqov, Jo‘raqul Kolonov, Murod Mavlonov, Fozil Rajabov, Ashur Xaitov, Tursun Ergashevga Prezident nomidan 5 million so‘m pul mukofoti va qo‘l soatlarini hamda qimmatbaho sovg‘alar — muzlatgich va televizorlar tantanali ravishda topshirildi.
Izoh (0)