Samarqandda joylashgan Sadriddin Ayniy uy-muzeyida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu haqda Sputnik xabar bermoqda.
Sadriddin Ayniyning yodgorlik uy-muzeyi 1967-yilda O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan. Muzey ochilganidan beri uning ekspozitsiyasi ikki marta yangilangan. Oxirgi marta shu yil 15-aprel kuni buyuk olimning 140 yilligi munosabati bilan uy-muzeyga Sadriddin Ayniyga tegishli bo‘lgan hujjatlar keltirildi.
Shuningdek, uy-muzey 2018-yil mart oyi yakunida kichik ta’mirlash ishlari uchun yopilgan. May oyining ikkinchi yarmida esa muzey 2 oyga to‘liq ta’mirlash uchun yopiladi.
“Tojikiston istiqlolining 10 yilligiga bu kishiga Tojikiston qahramoni unvoni berilgan. Shuning uchun ham u yerdan institut va universitet talabalari, hattoki oddiy aholi ham bu kishining uylari, yashagan joylarini ko‘rishga kelyapti”, — dedi muzey xodimasi Farida Narzullayeva.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 15-aprel kuni uy-muzeyda Ayniyning 140 yillik yubileyi katta tantana tarzida nishonlangan:
“Mana shu yubiley munosabati bilan uy-muzeyda qo‘shimcha ekspozitsiyalar ochildi, mana bu qo‘lyozma, kitoblar, ustozga tegishli shaxsiy hujjatlar shular jumlasidan”.
Ayol muzeyni ta’mirlash uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan 300 million so‘m (37 ming dollar) mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi. Muzey to‘liq ta’mirdan chiqariladi, tartibga keltiriladi, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Tegishli konsepsiya ishlab chiqilgan.
Izoh (0)