2018-yilning 25-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida adliya vaziri Ruslanbek Davletovning De Monfort universiteti (Buyuk Britaniya) vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlikning Facebook’dagi “Adliya bilan muloqot” sahifasida xabar berildi.
De Monfort universiteti (DMU) huquq, biznes, moliya, iqtisodiyot va siyosatshunoslik dasturlari sifati bo‘yicha Birlashgan Qirollikning eng yaxshi universitetlari o‘nligiga kiradi.
Davletov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyati yo‘nalishlari bilan qisqacha tanishtirdi, shuningdek, vazirlikning sud-huquq islohotlarini amalga oshirishdagi asosiy vazifalari, funksiyalari va roli haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida vazir O‘zbekistonda mazkur universitetning vakolatxonasini ochish va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Professor Elison Onora va huquq fakulteti dekani Majit Ridona, o‘z navbatida, O‘zbekiston tomonini Britaniya OTMning asosiy yo‘nalishlari va xalqaro loyihalari bilan tanishtirdi. Shuningdek, universitetda 22 ming nafar (130 ta turli mamlakatdan) talaba tahsil olishi, universitet dunyoning 25 ta mamlakatidagi 80 ta universitet bilan hamkorlik qilishi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, vazir nafaqat huquq, balki ta’limning turizm, arxitektura, dizayn va to‘qimachilik sohalari bo‘yicha ham hamkorlik o‘rnatishga ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)