Turkiyaning Konya shahrida “Ming nafas bir ovoz” 11 Xalqaro teatrlar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
20–30-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan festivalda Samarqand viloyat musiqali drama teatri jamoasi ham ishtirok etmoqda.
22-aprel kuni teatr vakillari mashhur turk yozuvchisi Tunjar Jujan o‘g‘li asari asosida sahnalashtirilgan “Ko‘chki” spektaklini namoyish etdi.
Turk dramaturgi Tunjer Jujan o‘g‘lining “Ko‘chki” asari Turkiyaning shimoliy qismida joylashgan qishloq va u yerda yashovchi aholi hayoti haqida hikoya qiladi. Sahna asarini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov sahnalashtirgan. Bosh qahramonlar obrazini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Mamedova, Mehri Hakimova, Baxtiyor Rahimov, Bahrullo Rahimov, Solijon Hakimov hamda iqtidorli ijodkorlar Sarvinoz Saitova, Shohsanam Obloqulova, Jamshid Murodov va Lobar Axanova gavdalantirgan.
Mazkur spektakilni festival ishtirokchilari va tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.
Tunjer Jujan o‘g‘li turk adabiyoti va dramaturgiyasi rivojida munosib hissa qo‘shgan taniqli ijodkor. Uning “Ko‘chki” asari dunyoning ellikdan ortiq davlati sahnalarida namoyish etilgan.
Festivalda ishtirok etish uchun Ozarbayjon, Qozog‘iston, Kosovo, Serbiya, Italiya, Turkiyaning Istanbul va Anqara singari o‘ndan ortiq davlatlarining teatr jamoalari Konyaga tashrif buyurgan.
Ma’lumot uchun, o‘n bir yildan beri Turkiya shahrida o‘tkazilayotgan ushbu festivalda ilk marotaba O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ishtirok etmoqda.
Izoh (0)