23-aprel kuni Pekin shahrida tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hindistonlik hamkasbi Sushma Svaraj bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston – Hindiston kun taribining dolzarb masalalarini muhokama qildi va o‘zaro munosabatlardagi yangi dinamika va ijobiy tendentsiyalarni ta’kidlab o‘tdi.
Vazirlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik borasida fikr almashib, uning ijobiy yakunlanishidan ikkala tomon ham manfaatdor ekanligini tasdiqlab o‘tdi.
Uchrashuvda Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi, Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi majlislarini o’tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Hindiston TIV rahbari O‘zbekistonni 2018-yilning 26–27-mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaning natijalari bilan tabrikladi va Hindiston tomonining yakuniy Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirishga ijobiy hissa qo‘shishga tayyorligini tasdiqladi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari shu kuni ishni boshlayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlislarining kun tartibini muhokama qildi.
Izoh (0)