O‘zbekiston IIV Yo‘l harakat xavfsizligi bosh boshqarmasi avtomobillarning davlat raqamlarini almashtirish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarni inkor qildi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Oldinroq O‘zbekistonda amaldagi davlat raqamlarini xalqaro namunadagi raqamlarga almashtirishni ko‘zda tutuvchi transport vositalarini hisobga qo‘yish tizimi joriy etilishi xabar qilingan edi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Innovatsion loyihalarni amalga oshirish va idoraviy axborot tizimlari jadal integratsiyalashuvining tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

“Respublika hududida transport vositalarini hisobga qo‘yish tizimini yaratish va bu sohaga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bosqichma-bosqich ish olib borilmoqda. Prezident qarorida esa faqatgina zamonaviy transport vositalarini hisobga qo‘yish tizimini yaratish haqida so‘z boradi”, — deyiladi YHXBBning “Gazeta.uz”ga bergan izohida.

Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 27-iyundagi qarori asosida amal qilib kelayotgan avtomobil davlat raqamlari “xalqaro talab va standartlarga mos keladi”.