O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonimni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari mustahkamlanib, strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Suhbatda 2017-yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga oliy darajadagi tarixiy tashrif hamda uning yakunida erishilgan muhim kelishuvlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya o‘zaro manfaatli hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In tomonidan Koreya yarimoroli va butun mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev rejalashtirilayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etishi va yangi istiqbolli kelishuvlarga erishishni ta’minlashiga ishonch bildirdi.
Tashqi ishlar vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Mehmon Janubiy Koreya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlarini yuksak baholashini, ushbu anjuman, shubhasiz, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishini ta’kidladi.
Vazir O‘zbekiston Prezidentiga Janubiy Koreya fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risida qabul qilingan qaror uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, bu sayyohlar oqimini salmoqli darajada oshirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Uchrashuv so‘nggida Kan Gyon Xva Janubiy Koreya ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari va keng ko‘lamli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Izoh (0)