Andijon viloyatiga Qozog‘iston Respublikasi Olmaota viloyati hokimi Omondiq Batalov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Muzokara chog‘ida mehmonlarga viloyatning eksport imkoniyatlari xususida ma’lumot berildi. Jumladan, keng turdagi sanoat tovarlari, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, kabel ahsulotlari, qurilish materiallari, trikotaj va charm-attorlik buyumlari yetkazib berish yuzasidan fikr almashildi.
Qo‘stanayda GM Uzbekistan avtomobillari yig‘ilishi boshlangani, ayni kunda viloyatda qozog‘istonlik tadbirkorlar kapitali ishtirokida qo‘shma korxonalar faoliyat olib borayotgani o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochishi qayd etildi.
Delegatsiya a’zolari viloyatdagi qator sanoat korxonalarida bo‘lib, ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlari bilan tanishdi. Tashrif yakunida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro manfaatli kelishuvlar imzolandi.