Surxondaryo viloyatida 1969-yilda tug‘ilgan fuqaro N.Soliyeva (ism-familiya o‘zgartirilgan) firibgarlikka qo‘l o‘rdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
N.Soliyeva jabrlanuvchi M.Rahmonovadan aldov, yolg‘on va’dalar berish yo‘li bilan pul olib qaytarib bermagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida mazkur jinoiy ish ko‘rib chiqildi va aybdorga tegishli jazo belgilandi.
Aniqlanishicha, N.Soliyeva 2013-yil iyun oyida jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Toshkent shahar Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasi 25-uy oldida M.Rahmonovaning ishonchiga kiradi va uning ukasi I.Rahmonovni tanishlariga pora berish orqali Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi. Shu tariqa M.Rahmonovani turli yolg‘onlar bilan aldab, uning 4 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtiradi. Bergan va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojiga sarflab yuboradi.
2014-yilda ham u jinoiy harakatlarini davom ettiradi. Yana o‘sha M.Rahmonovadan jiyani kasal bo‘lib qolgani, tibbiy muolaja uchun pul zarur ekanini vaj qilib, 100 AQSh dollari miqdorida pul oladi. Pullarni bir hafta ichida qaytarib berishni va’da qiladi. Ammo bu pullar ham qaytarilmaydi.
2014-yilning dekabr oyida N.Soliyeva navbatdagi firibgarlikka qo‘l urdi. Jabrlanuvchi M.Rahmonovadan bu safar yo‘l xarajatlari va boshqa ehtiyojlari uchun pul kerakligini aytib, 400 AQSh dollari miqdorida pul oladi. Pullarni bir necha oyda qaytarib berishni va’da qiladi. Ammo qaytarmaydi.
N.Soliyeva 2017-yilning 19-may kuni M.Rahmonovaga kredit olayotganini, hujjat to‘plash va yo‘l xarajatlari uchun deb, 500 AQSh dollari miqdorida pul oladi. 20 kun ichida pulni qaytarib berishni va’da qildi.
Sud N.Soliyevaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 8 oy-u 9 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Izoh (0)