Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari — Botir Abdurahmonov hamda Abduazim Ilhomov tomonidan suratga olingan “Mama” (“Ona”) qisqa metrajli filmi Venetsiyada bo‘lib o‘tgan Ca’ Foscari short film xalqaro kinofestivalida oliy mukofotni qo‘lga kiritdi. Yosh rejissorlarning filmi kinofestivalda oliy o‘rinni qo‘lga kiritgani bilan ularning o‘zi xalqaro tadbirda bevosita ishtirok eta olmadi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ular buning sabablari va yosh kinorejissorlarni o‘ylantirayotgan boshqa muammo va kamchiliklar haqida jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, “Mama” qisqa metrajli filmi “O‘zbekkino” milliy agentligi hamda “O‘zbekkinofond” tomonidan ajratilgan mablag‘ evaziga, taniqli rejissor Yolqin To‘ychiyevning ssenariysi hamda badiiy rahbarligida, talabalar — Botir Abdurahmonov va Abduazim Ilhomov tomonidan suratga olingan. Postanovkachi operator — Jamshid G‘aniyev, postanovkachi rassom — Shamsiddin Ibrayimov. Filmda bosh rollarni Farhod Abdullayev va Ilmira Rahimjonova ijro etgan. Film 2017-yili Xorazm viloyatida suratga olingan.

Film Ikkinchi jahon urushi davri haqida bo‘lib, unda urushdan qochgan bolalarni asrab olgan ona haqida hikoya qilinadi. Hozirgacha film hujjatlari yettita xalqaro kinofestivalga topshirilgan. Jumladan, yosh rejissorlar bu film bilan Qirg‘izistonda o‘tgan MDH kinofestivalida ham qatnashgan, film qirg‘iz jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olingan.

“Afsuski, institutimizdan biz kutgan javob bo‘lmadi”

Venetsiyada sakkizinchi bor tashkil etilgan Ca’ Foscari short film xalqaro kinofestivali talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda 30 ga yaqin mamlakat vakillari qatnashdi. Katta-katta davlatlardan ishtirokchilar kelgan, shunga qaramay, bizning “Mama” nomli filmimiz “Eng yaxshi film” nominatsiyasida oliy mukofotni qo‘lga kiritdi. Nega festivalga borolmadik? Har festivalning o‘ziga yarasha talablari, shart-sharoitlari bor. Masalan, Qirg‘izistondagi kinofestival tashkilotchilari barcha xarajatlari, xususan, safar xarajatlarini ham o‘z zimmasiga olgan edi. Italiyadagi festival talablari boshqacharoq — O‘zbekistondan Venetsiyagacha bo‘lgan yo‘l haqini o‘zimiz ko‘tarishimiz kerak, qolgan xarajatlarni festival tashkilotchilari qoplab berardi. Dastavval, festivaldan kelgan taklifnomalar va ma’lumotlarni o‘zimiz tahsil olayotgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga taqdim qilib, filmimiz festivalga qabul qilingani, shu munosabat bilan Venetsiyaga borishimiz uchun amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qildik. Lekin afsuski, institutimizdan biz kutgan javob kelmadi. Xohlashmadimi yoki bu qandaydir notog‘ri ishmidi, bilmadim. Ulardan: “Biz talabalarning safar xarajatlarini moliyalashtirmaymiz”, mazmunida javob oldik.

Abduazim Ilhomov, “Mama” filmi rejissori

“Alamlisi, festival g‘olibi bo‘lsak-da, uni faqat Facebook orqali kuzatdik”
Abduazim institutda o‘qib turib, festivalga safar masalasini hal qilishda u yerdan yordam ololmagach, men O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Yosh kinoijodkorlar kengashiga murojaat qildim — o‘sha vaqtda Kinematografiyani rivojlantirish markazining “Art house” loyihasida ishtirok etayotgan edim. Yosh kinoijodkorlar kengashi: “Biz bu masalani hal qilolmaymiz, ‘O‘zbekkino’ agentligiga murojaat qiling”,— deyishdi.

Buni aytish to‘g‘rimi yoki notog‘rimi bilmadim — asosiysi, biz biror-bir insonni yomonlamoqchi emasmiz: bir tomondan, festivalda g‘olib chiqqanimizdan xursandmiz, lekin alam qiladigan joyi shuki, Toshkent vaqti bilan yarim tunda bo‘lgan festival taqdimotini biz faqat Facebook orqali kuzatib tura oldik xolos, mukofotimizni bizning o‘rnimizga festival tashkilotchilari chiqib qabul qilib olishdi.

Botir Abdurahmonov, “Mama” filmi rejissori

“Milliy kino mas’ullari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan yosh rejissorlar birgina biz emas”
Filmlari bunday xalqaro festivallarga qabul qilingan talabalar bir biz emasmiz, iste’dodli talabalar juda ko‘p. Shunday talabalardan biri, kursdoshim Shokir Xoliqovning “Bizni tushunishmaydi” nomli qisqa metrajli filmi Shveysariyada bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalning asosiy konkursiga o‘tgan edi. Unda ham xuddi shunday vaziyat bo‘ldi: Shokir ham “O‘zbekkino”ga borgan, xat va ma’lumotlarni taqdim qilgan, ammo hech qanday natijaga erisha olmagan — unga hammasini “to‘g‘ri tushuntirib” yuborishgan.

Abduazim Ilhomov, “Mama” filmi rejissori

“Festivalda o‘rnimizga videomurojaatimiz qatnashdi”
Biz festivallarda o‘z nomimizdan emas, balki O‘zbekiston nomidan qatnashamiz. 30 ga yaqin davlat orasida O‘zbekiston filmi festivalda birinchi bo‘ldi, ammo, O‘zbekiston nomidan hech kim mukofotni olishga chiqmadi. Ehtimol, o‘zimiz ham borganimizda u yerdagi ishtirokchilarda, hakamlarda, odamlarda yurtimiz haqida yanada yaxshi taassurotlar uyg‘otgan bo‘lardik. Venetsiyaga bormasligimiz aniq bo‘lgach, festival tashkilotchilari bizga xat yo‘llab, “Mama” filmi barcha hakamlarga birdek yoqqanligini va bizga oliy o‘rinni berilganini, shu bois, Venetsiyaga borolmasak, taqdimot marosimi uchun videomurojaat yo‘llashni iltimos qilishdi. Ularga ingliz tilida subtitrlari bilan o‘zbek tilida videomurojaat yo‘lladik.

Abduazim Ilhomov, “Mama” filmi rejissori

“Yosh kinoijodkorlar kengashidagilar: ‘Sovrin olishingiz haqida xat yuborishsin’, — deyishdi”

Qo‘limizdagi xatlar, taklifnomalar bilan Yosh kinoijodkorlar kengashiga bordik, lekin ulardan ham kutgan javobni ololmadik. Muammo nimadaligini bilmadim, lekin  mablag‘ masalasi ular uchun muammo bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Ikkinchidan, biz o‘z manfaatimizni ko‘zlab, shaxsiy ishimizni bitirish uchun yordam so‘ramadik — yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ularning vazifasi bo‘lsa, biz ham o‘sha yoshlarning bir vakili o‘laroq yordam so‘radik. Kengashdagilar: “Agar festival tashkilotchilari sizlarga sovrin berilishi aniq degan mazmunda ma’lumotnoma yuborsa, yordam berishimiz mumkin, shunda ham faqat bittangizga”, deyishdi. Bu nima degan gap? Festivalning asosiy konkursiga tushganimizning o‘zi bir yutuq. Boz ustiga, hech bir kinofestival, u xoh katta, xoh talabalarniki bo‘lsin, festival yakuniga yetmay, uning asosiy konkursiga o‘tgan filmlarni barcha hakamlar ko‘rib chiqmagunicha natija haqida hech qanday ma’lumot bermaydi.

Abduazim Ilhomov, “Mama” filmi rejissori

“Iqtidorli yoshlarimiz ko‘mak izlab eshikma-eshik yuribdi”
O‘zimiz hali talabamiz, shartnoma asosida o‘qiymiz, muammolarimiz o‘zimizga ma’lum va yetarli. Shu bois, ariza bergan festivallarimizning tashkilotchilari: “Kelasizlarmi? Nega kelolmaysizlar?” deb so‘rab qolsa, nima deyman deya odam bir g‘alati bo‘ladi. Biz murojaat qilgan tashkilotlar bizga haqiqatan ham qandaydir yordam berishi kerakmi-yo‘qmi, bilmadim, lekin boshqa davlatlarning vakillari, mukofot olmasa, ko‘pincha, o‘z davlatining ko‘magi bilan shu festivallarda bevosita qatnashib kelayapti. Qozog‘iston, Belarus, Germaniya, Qirg‘iziston, Hindiston vakillarining chiqishlarini chin dildan kuzatib o‘tirdik, “Qani endi ‘O‘zbekiston!’ deganda, mukofotni o‘zimiz chiqib olsaydik”, degan fikr tonggacha uyqu bermadi. Bizda qobiliyatli, iste’dodli yoshlar juda ko‘p — xat-qog‘ozlarni to‘ldirib, bu eshikka borishadi, u eshikka borishadi, biroq tayinli javob olisholmaydi.

Botir Abdurahmonov, “Mama” filmi rejissori

Suhbat davomida Abduazim Ilhomov va Botir Abdurahmonov bugungi kunda yosh rejissorlarni qiynab kelayotgan boshqa muammolar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Abduazim Ilhomov 2017-yil dekabrida “O‘zbekkino”ga taqdim etgan qisqa metrajli film ssenariysi bo‘yicha hozirga qadar hech qanday javob ololmaganligini ma’lum qildi. Shuningdek, ular xalqaro kinofestivallarda qatnashish uchun kerakli xat-hujjatlarni milliy kinoga mas’ul biror tashkilot ko‘magisiz, o‘zlari mustaqil ravishda tayyorlab, jo‘natganini alohida qayd etib o‘tdi.

 

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Daryo” kundaligida 9-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Dunyo
Qozog‘iston Rossiyaga zirhli texnika jo‘natishi haqida xabarlar tarqaldi (video)
Madaniyat
Shahzoda Garri va Megan Markl yangi hujjatli filmda Yelizavetta II ni masxaralab, qirollik oilasi a’zolarini irqchilikda aybladi (video)