Fransiya kimyoviy qurollar qo‘llanilganligi o‘z isbotini topsa, AQSh bilan birgalikda Suriyada kimyoviy qurollar omborlariga zarbalar berish bo‘yicha operatsiya o‘tkazishi mumkin. Bu haqda 16-mart, juma kuni Fransiya qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Fransua Lekuentr ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Bunday zarbalar AQSh bilan birgalikda amalga oshirilishi ravshan. U Fransiyaning muhim strategik hamkoridir. Suriyadagi vaziyat va Suriya hukumatining kimyoviy qurol qo‘llashning qizil chizig‘idan o‘tishi qanday tahdidlarni keltirib chiqarishi masalasida bir xil qarashlarga egamiz”, — dedi general.
Shu bilan bir vaqtda general bu kabi operatsiya xarakteri va tayyorgarlik jarayoni yoki unga jalb etiladigan bo‘linmalar haqida biror-bir ma’lumotlar keltirib o‘tishdan bosh tortdi. “Bu kabi operatsiyani rejalashtirish masalasidagi biror-bir tafsilotlarni mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni bo‘lgan Fransiya prezidenti ma’lum qilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi general.
Izoh (0)