Poytaxtning Olmazor tumanida Imom at-Termiziy jome’ masjidining yangi binosi tez orada foydalanishga topshiriladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 21-aprel kuni Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish jarayonida Yuqori Sebzor mahallasida bo‘lib, Imom at-Termiziy jome’ masjidini qayta qurish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.
1876-yilda ushbu mahallada yashagan suvoqchi Ismoil ota boshchiligida hashar yo‘li bilan qurilgan masjid 1989-yilda qayta ta’mirlangan. 2007-yilda esa bitta qo‘shimcha xonaqoh qurilgan. Shu mahalladan ham allomalar, Termiziylar chiqsin, deb yaxshi niyat qilingan holda masjid nomi shunday atala boshlangan. Hayit namozlarida ancha gavjum bo‘ladigan masjid ayvoniga bir vaqtning o‘zida mingga yaqin namozxon sig‘ar edi.
“Ijod-Ijod” xususiy korxonasi mutaxassislari tomonidan qariyb bir yil davom ettirilgan qurilish ishlaridan so‘ng ushbu mahalla va masjid qiyofasi tubdan o‘zgardi. Ustalarning aytishicha, qurilish ishlarining yetmish foizi nihoyasiga yetgan. Ayni vaqtda ichki va tashqi bezak va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Mamlakatning barcha hududlaridan jam bo‘lgan ikki yuzdan ziyod usta, muhandis, hunarmand, bezakchi va boshqa mutaxassislar tarixiy obidani qayta tiklashda faol qatnashmoqda.
Izoh (0)