1-mart soat 18:00 da Ayollar tarixi oyligini boshlash hamda Xalqaro xotin-qizlar kunini munosib nishonlash maqsadida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Toshkentdagi Next Mall kinoteatrida ayollarga bag‘ishlangan Amerika film festivalini ochib berdi. Bu haqda “Daryo”ga elchixona vakillari ma’lum qildi.

Foto: AQShning Toshkentdagi elchixonasi

Filmlar festivali 1-martdan boshlab Xalqaro xotin-qizlar kuni — 8-martga qadar davom etadi. 2–8-mart kunlari soat 10:00 dan 22:00 gacha kinoteatrda oltita xilma-xil film ko‘rsatiladi. Filmlarda ayollarning jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi ko‘pincha bee’tibor qoldirilishi e’tirof etiladi. AQSh elchixonasi filmlarni asliyatda, ya’ni ingliz tilida tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi.

Amerika filmlari festivali Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ingliz tilini bilish darajasini oshirishga qaratilgan. Filmlarda bosh rolni ijro etgan ayollar ilm-fan, matematika, atrof-muhitni muhofaza qilish, biznes va sanoat, ta’lim va sport sohalarida erishgan yutuqlari bilan ajralib turadi.

Festival jamoatchilik, talabalar va mahalliy tashkilotlar vakillari uchun ochiqdir. Barcha filmlar uchun chiptalar bepul. Bir kishi bir kunda ikkita bepul chipta olsa bo‘ladi.