Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi bugun — 19-fevral kuni Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 2-turida “Zob Ohan”ga qarshi maydonga tushadi.
“Temiryo‘lchilar” allaqachon Eronga jo‘nab ketgan bo‘lib, ayni paytda Isfaxon shahrida bo‘lib turibdi. Mazkur shahar o‘zining “Sepaxon” va “Zob Ohan” klublari orqali futbol muxlislariga tanish. Bugun “Fuladshahr” stadionida “Lokomotiv”ni oson bo‘lmagan o‘yin kutib turibdi deyish mumkin.
“Zob Ohan” futbolchilari ilk turni Dohada o‘tkazib, Qatar yetakchisi “Al-Duhayl”ga imkoniyatni boy bergandi — 1:3. Ayni paytda Eron chempionatida ikkinchi bo‘lib turgan “Zob Ohan” 2010-yilgi mavsumda Chempionlar Ligasining finaliga qadar yetib borib, katta shov-shuv ko‘targandi. Mazkur klub fors chempionatida uch marta vitse-chempion bo‘lishga erishgan, biroq chempion bo‘lib ulgurmagan, deb yozdi “Lokomotiv” matbuot xizmati.
“Lokomotiv” Chempionlar Ligasining ilk turida Amirliklarning “Al-Vahda” klubini qabul qilib, 5:0 hisobida zafar quchdi. Mana shu ko‘tarinki kayfiyat bugun ham davom etadimi yoki yo‘q — bir necha soatlar ichida ma’lum bo‘ladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi va Sport-TV kanali orqali jonli namoyish etiladi.
Izoh (0)